Bugungi kunga kelib oddiy foydalanuvchilar orasida, Windows hukmronligi ostida faqat Linuks yashab qola oldi. Nafaqat yashab qoldi, balki u hozirda Windows uchun jiddiy raqobat qila oladigan darajaga yetdi. 2007-yil sarhisobiga ko’ra Linuks foydalanuvchilari deyarli ikki baravarga ortgani qayd qilingan. Xo’sh nimaning hisobiga u, garchi yosh operatsion tizimlardan (OT) biri hisoblansada, Windows bilan raqobatlashmoqda? Nega Bill Geyts Linuksni o’zining operatsion tizimi raqobatchisi deb biladi? Buni sabablarini aniqlashdan avval ularning qisqacha tarixiga to’xtalib o’tamiz.

Windows

Windowsda ishlash huddi to’xtovsiz
samolyotda uchishga o’xshaydi: joningga tegadi,
lekin tashqariga chiqolmaysan…

Windowsning dastlabki versiyalari ancha avval, 1985-yilda chiqqan bo’lsada, uni elga “tanitgan” versiya – Windows95’ bo’ldi. Grafik interfeysga ega bo’lgan OT 1995-yilning avgust oyida sotuvga chiqarildi. Windows navbatdagi 98’ va 2000’ versiyalari bilan boshqa OTlarni “siqib” chiqara boshladi. WindowsXP esa dunyoning haqiqiy lideriga aylandi. Chiroyli va qulay interfeys o’sha vaqtda barchaning e’tiborini tortardi. 2007-yilga kelib, avval Windows Longhorn deb nomlangan Windows Vista sotuvda paydo bo’ldi. Bill Geyts o’z intervyularining birida Vista haqida gapirar ekan, “U Windows95’dan keyingi eng katta o’zgarish” deb aytgandi. Windows Vista Windows oilasi ichida hozircha oddiy foydalanuvchilar uchun mo’ljallangan so’nggi OT. Microsoft korporatsiyasi 2010-yilga kelib Windows Vienna’ni chiqarishni ko’zlayotgan edi. Ammo uning chiqish vaqti biroz ertaroqqa surilishi ham mumkin. Bu haqda biroz keyinroq.

Linuks

– Bilmaysizmi, Pingvinli operatsion tizimni
qayerdan topsam bo’ladi?

Linuks 1991-yilda Linus Torvalds tomonidan yaratilgan (Linuks nomini qayerdan kelib chiqqanini anglagan bo’lsangiz kerak). Dastur GPL-litsenziyasiga (GPL-General Public License, bepul dasturlar litsenziyasi, Richard Stallman tomonidan yozilgan) ko’ra erkin tarqatilgani tufayli uning turlari 100 dan ortiq. Eng keng tarqalganlari – Mandriva (Mandrake), Ubuntu, SuSE, RedHAT, Fedora. Linux Foundation’ning statistikasiga ko’ra 2007-yilda linuksoidlarning 55,4%i Ubuntu platformasini o’rnatishgan. Keyingi o’rinlar Debian (22,2%), openSUSE (19,5%), Fedora (16,7%), Gentoo (10,2%), Knoppix (7,1%) и PCLinuxOS (5,4%) larga tegishli.

Windows va Linuks: Ustunlik va kamchiliklar

Windows ishlatyapsizmi? Demak geymersiz.
Linuks ishlatyapsizmi?
Demak mutaxassis…

Ikki operatsion tizimning ham ustun va kamchilik tomonlari mavjud. Ular bilan tanishib chiqamiz.
– Linuks ochiq kodli OT. Dastur kodlari GPL-litsenziyasiga ko’ra erkin tarqatiladi (Shu sababli ham O’zbekistonda birinchi yaratilayotgan Doppix OS Linuks bazasida bo’ladi). Siz hatto o’z operatsion tizimingizni ham chiqarishingiz mumkin, lekin haqiqiy dastur kodlarini birga olib yurishingiz zarur.
Windows esa yopiq kodli. Uning kodlari hech qayerga chiqarilmaydi. Dastur kompilyatsiya qilingan holda chiqariladi.
– Ko’pchilik dasturlar Windowsga moslab chiqarilgan. Linuksga to’g’ri keladigan mashhur dasturlar kam (Istisno tariqasida Adobe Photoshop dasturini Linuksga mo’ljallab chiqarganini aytishimiz mumkin). Yaqin-yaqingacha Linuksda drayverlar muammosi uchrardi. Ammo hozirda drayverdan nolimasangiz ham bo’ladi. Qurilmalarni rasmiy saytlarida Linuksga mo’ljallangan drayverlar mavjud. Bundan tashqari Linuksning litsenziyali disklariga drayverlar ham qo’shilgan.
– Linuks o’zbek tiliga tarjima qilingan (Mandriva Linux). Uning matn tahrirlovchi dasturi – OpenOffice o’zbek tilidagi imlo xatolarni tekshira oladi.
Windowsning o’zbek tilidagi versiyasi yo’q.
– Linuks bepul OT. To’g’ri, hozirda chiqayotgan Linukslarning hammasi ham bepul emas. Ammo asosiy Linuks bazasi bepul. Windows bepul emas. Uni litsenziyasiz diskda ishlatish ta’qiqlangan. Ko’zingizni oching, bir-ikki yildan so’ng eshigingizni taqillatib Windows’ingizni litsenziyasini so’rab qolishlari mumkin.
– Linuks xakerlar hujumiga Windowsga qaraganda kamroq duchor bo’ladi. Chunki, Linuks-dasturlovchilar kam. Shu sababli ham server kompyuterlarda ko’pincha Linuks o’rnatilgan bo’ladi.
– Windows xakerlar hujumiga ko’p uchragani uchun uning himoyasi mustahkam.
– Windowsning sezilarli darajadagi ustunligi – hozirgi chiqayotgan 97% o’yinlar DirectX ga moslab chiqariladi. DirectX – bu Windows, degani. Linuks grafik rejimi – OpenGL. OpenGLda chiqarilgan eng mashhur o’yin – Counter Strike. O’yinning CS:Source’ga qadar versiyasi OpenGL’da chiqarilgan. U yog’iga DirectXga o’tildi. Shuning uchun ham “Windowsda ishlayapsizmi? Demak, geymersiz” iborasi qo’llaniladi.

Bugun va ertaga: Bizni nima kutmoqda?

Hozirgi paytdagi holatni tahlil qiladigan bo’lsak, Linuksning o’z operatsion tizimlarini tarqatishi uchun qulay vaqt ekanligiga amin bo’lamiz. Ikki yarim yil avvaldan e’lon qilingan Windows Vista chiqarilgach foydalanuvchilarga ma’qul keldi deyish qiyin. Vistaga dastlabki bir yil ichida tushgan e’tirozlar XPning ilk bir yilligidagiga qaraganda ko’proq. Hatto, operatsion tizim 2007-yilning eng omadsiz mahsulotlari kuchli o’ntaligiga kiritilgan. Foydalanuvchilar “eski hammom” – XPga qaytishni xohlashmayapti. Xabaringiz bo’lsa, 2008-yilning ikkinchi yarmidan, ya’ni iyul oyidan WindowsXP’ni texnik qo’llab quvvatlash to’xtaydi. Bu – agar XP to’laqonli ishlamasa dardingizni ichingizga yutishingiz kerak yoki Vistani o’rnating, degani.
Linuks distributivlari ana shu “bo’shliq”dan foydalanib foydalanuvchilarni o’z tomonlariga og’dirib olishlari mumkin. Linuksning mashhur versiyalari – Ubuntu, Mandriva, SuSE har yili yangi versiyani chiqarib, bir maromda rivojlanmoqda. Buning ustiga o’zbekcha interfeys kimga ham ma’qul kelmaydi, deysiz.
Windows liderlikni berib qo’ymaslik uchun Windows Vienna’ni biroz ertaroq – 2009-yilga chiqarishni ko’zlamoqda. Internetda u haqidagi dastlabki ma’lumotlar ham paydo bo’ldi.

Xulosa

Windows va Linuks bahsi xali-beri to’xtamasa kerak. Biz uchun uning to’xtamagani ham yaxshi. Chunki raqobatdan faqat siz va biz – foydalanuvchilar yutamiz. Sifatli operatsion tizimlar ana shu raqobatning mevasi bo’lishi aniq. Siz nima deysiz?…

News Reporter

3 thoughts on “Windows va Linux

  1. Linuks xakerlar hujumiga Windowsga qaraganda kamroq duchor bo’ladi. Chunki, Linuks-dasturlovchilar kam. Shu sababli ham server kompyuterlarda ko’pincha Linuks o’rnatilgan bo’ladi.

    Bu fikrga qo’shilmayman

    1. Linuks dasturlovchilari kam degani bu umuman mantiqqa to’gri kelmaydigan gap. Bu maqolani chiqarishdan oldin Linuks va Windows OT lari va ularni xavfsizlik tizimi haqida to’liqroq ma’lumot yig’ish kerak edi. Chunki asosiy sistemalaga bo’ladigan hujumlar linuks yadrosida ishlovchi OT lar orqali amalga oshiriladi. Hozirgi kunda serverlada Linux OT o’rnatilishini esa uning birinchi o’rinda bepulligi, ikkinchidan esa tashqi hujumlarga bardoshliligi bilan baholash mumkin

  2. eng yaxshisi — Linuks. Chunki bu sistema— hackerlik uchun mo’ljallangan. chunki men o’zim bemalol wi-fi buzib ko’rdim. juda oson. lekin baribir ommaviysi — Windows 🙂

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *